Namangan viloyati Pop tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 160 ming dollar miqdorida pora olayotgan vaqtida ushlandi. U 2 gektar yerni xaridor nomiga o‘tkazib, u yerda kottej qurish uchun ruxsatnoma olib berishini aytgan.
Sirdaryo viloyatida YTH sodir etgan haydovchiga dastlabki tekshiruv materiallarini uning foydasiga hal qilish va avtomobilni jarima maydonchadan qaytarib olishga ko‘maklashishni aytib, 400 dollar so‘ragan YHXB katta inspektori 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Samarqandda Qurolli Kuchlar xizmatchisi va yordamchisi fuqarodan soxta harbiy guvohnoma uchun 600 dollar olayotganida qo‘lga tushdi. Narpay tumanida kadastr xodimi 700 dollar, Kattaqo‘rg‘on tumanida esa soliq inspektori 11,5 mln so‘m olmoqchi bo‘lganida ushlandi.
O‘zbekistonning 4 ta hududida jinoyat ishidagi ayblanuvchilarga mansabdor tanishlari orqali qamoqdan ozod qilish, yengilroq jazo tayinlashda yordam berishini aytib pora olgan advokatlar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahrida prokuratura katta tergovchisiga qidiruv e’lon qilindi. U fuqarodan jinoyat ishini hal qilib berish evaziga 40 ming dollar olib, qochib ketgan.
O‘rta Chirchiq va G‘allaorol tumanlaridagi mahallalarda hokim yordamchisi bo‘lib ishlovchi ikki nafar shaxs pora bilan ushlandi. Biri ijaraga yer olib berish uchun fuqarodan 15 ming dollar so‘ragan, boshqasi — shifoxonaga ishga kiritib qo‘yish uchun 1200 dollar. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov 200 ming dollar pora talab qilib, 90 ming dollar olayotganida qo‘lga tushgandi. Sud hukmi bilan unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, uning sheriklari ham uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Kadastr palatasining Pastdarg‘om tumani filiali xodimi 1,5 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushgani aytilmoqda. U fuqaroga yer va uy-joyni hujjatlashtirib, egalik huquqini olib berishini aytgan.
Urgut tumani elektr ta’minoti korxonasi sobiq muhandisi tadbirkordan 14 ming dollar so‘rab, undan 7 ming dollarini olganlikda gumonlanmoqda.
Urganch davlat universiteti dekani abituriyentni ijodiy imtihondan o‘tkazib qo‘yish uchun taxminan 35 mln so‘m olayotganda qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“O‘rta Chirchiq tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi 8,5 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlandi. U tadbirkorga sexni gaz tarmog‘iga ulashga ruxsat berishini va elektron hisoblagich o‘rnatib berishini aytgan.
Guliston shahri elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i 90 mln so‘m pora olishda gumonlanmoqda. U tadbirkorning elektr ta’minotidagi 200 mln so‘mdan ortiq qarzdorligini kamaytirib berishni va’da qilgan.
DXX Taxiatosh, Bo‘ston va Bo‘ka tumanlari hokimlari o‘rinbosarlarini pora olishda gumonlab qo‘lga oldi. Xususan, Taxiatosh hokimi o‘rinbosari fuqaroga hokimlik balansidagi buzilishga tushgan uyni fuqaroga rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln so‘m talab qilgan.
Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori 10 ming dollar pora olgani aytilmoqda. U tadbirkorga suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish masalalarida ko‘maklashishini bildirgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini aniqladi. Xususan, bir holatda Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkordan 25 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlandi.
Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida pora olishda gumonlanayotgan soliq inspeksiyasi xodimlari qo‘lga olindi. Ular bir holatda tekshiruv o‘tkazmaslik uchun 2300 dollar, yana birida foyda solig‘ini kamaytirib berish evaziga 5 ming dollar olayotgan paytda ushlangan.
Toshkentda “Chilonzortumangaz” xodimi va yetakchi muhandisi 25 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Ular tadbirkorga gaz uchun to‘lovda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rish bo‘yicha hujjat rasmiylashtirmaslikni va’da qilgan.
DXX viloyatlarda reyd tadbiri o‘tkazdi. Unda Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkorga yordam berib, $20 ming talab qilgani ma’lum bo‘ldi. Toshkent viloyatida esa “Hududiy elektr tarmoqlari”ning 2 xodimi ishlab chiqaruvchiga transformator o‘rnatib berish uchun $39 ming olgani aytilmoqda.
DXX Jizzax shahrida sudlanuvchiga yengil jazo tayinlatib berish uchun 10 ming dollar olishda gumonlangan advokatni ushladi. Uchqo‘rg‘on tumanida kompaniyaga jinoiy ish ochilmasligiga yordam berish evaziga 2 ming dollar talab qilgan MIB xodimlari qo‘lga olindi.
Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi imtiyozli kredit maqsadli yo‘naltirilmagani yuzasidan fuqaroga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 5 ming dollar pora olayotganda ushlandi. Unga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting